Hindistonning ayrim ommaviy axborot vositalarida Bihar shtatida hibsda ushlab turilgan o`zbekistonlik ayollar haqida ma`lumotlar tarqatildi, deb xabar qilmoqda "«Dunyo" AA.
O`zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida tezkor chora-tadbirlar ko`rdi. Ma`lum bo`lishicha, o`zbekistonlik uch nafar ayol 2021 yil oktyabr oyida Hindiston-Nepal chegarasining Bihar shtatidagi hududidan noqonuniy tarzda o`tayotganda qo`lga olingan. Arariya shahridagi birinchi instansiya sudi 2022 yil avgust oyida O`zbekiston fuqarolarini mamlakat hududidan chiqarib yuborish (deportasiya qilish) to`g`risida chiqargan qaroriga qaramasdan turli byurokratik to`siqlar va yurisdiksiyaning murakkabligi sababli ular haligacha ushlab turilgani aniqlandi.
"Afsus bilan qayd etish joizki, fuqarolarimiz yoki ularning yaqinlari tomonidan o`z vaqtida ushbu masala yuzasidan tezkor konsullik-huquqiy yordam ko`rsatish bo`yicha murojaat qilinmagan.
Elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va Bihar shtatining tegishli idoralari bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muloqotlar o`tkazilmoqda. Vaziyat nazoratga olindi va fuqarolarimizni Vatanga qaytarish bo`yicha tegishli choralar ko`rilmoqda.
Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg`on va`dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo`lib turish chog`ida mahalliy qonunchilik talablariga qat`iy rioya qilishga chaqiradi", - deyiladi Elchixona xabarida.






