“Ma`muriy islohotlar doirasida sog`liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida” gi Prezident qarori (PQ–197-son, 20.06.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, tibbiyotning birlamchi bo`g`inida tibbiy-sanitariya yordamini ko`rsatishning quyidagilarni nazarda tutuvchi takomillashtirilgan tizimi joriy etiladi:
- tuman (shahar) darajasida ambulator va stasionar sharoitda aholining eng ko`p murojaatlariga sabab bo`layotgan kasalliklar va holatlarni inobatga olgan holda, Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro`yxati shakllantiriladi;
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari shifokorlari tegishli hududda eng ko`p tarqalgan kasalliklar va holatlar bo`yicha qisqa muddatli kurslarda o`qitiladi.
2024 yildan yillik tibbiy ko`riklar doirasida nuroniylarni maqsadli skriningdan o`tkazish dasturlari joriy etiladi.
2023/2024 o`quv yilidan quyidagilar tashkil etiladi:
- Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi;
- tibbiyot kollejlari negizida Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari;
Shuningdek, quyidagilar joriy etiladi:
- tibbiyot OTMda o`qish muddati 4 yillik “oliy malakali hamshira” bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash;
- texnikumlarning takliflari asosida qabul parametrlari hamda qo`shimcha ravishda tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilish tartibi;
-tibbiyot yo`nalishidagi davlat OTM talabalarining bilimlarini 2 bosqichli (fundamental va klinik-amaliy ko`nikmalar) baholash va ularning malakasini tasdiqlash milliy tizimi;
- tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan uzluksiz kasbiy ta`lim portali.
Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga malaka oshirish kurslarini joriy etish huquqi beriladi.
Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish jarayonlari to`liq raqamlashtiriladi.
2023 yil yakunigacha:
- barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog`liqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimiga ulanadi;
- nodavlat tibbiyot tashkilotining xodimlari, tibbiy texnikasi, xizmat turlari, tibbiy statistika va boshqa hisobotlari monitoringi yuritiladi;
- tibbiy faoliyatni nazorat qilishda “xavfni tahlil qilish” tizimi yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi;
Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash markazi;
Tibbiyot tashkilotlarini lisenziyalash va akkreditasiyalash markazi.






