Surxondaryo viloyati Sho`rchi tumanida er ayolini kaltaklayotgani aks etgan videolavha tarqaldi.
Lavha ostida ayol eri, qaynonasi va qaynsingli tomonidan doimiy kaltaklanib, uy qamog`ida saqlab kelinmoqda deyilgan. Zamon informasion dasturi holat bo`yicha batafsil ma`lumot tayyorladi.
Mahalla raisi Gulshoda Xo`jamurodovaning aytishicha, avvallari bu oiladan shunga o`xshash holat bo`yicha ma`lumot kelib tushmagan.
Aniqlanishicha mazkur oilaviy janjal shu yilning 18 iyun kuni 17:30larda sodir bo`lgan.
"Erim bilan agorotni ustidan tortishdik. Ijtimoiy tarmoqqa chiqarganlar qonun oldida javob bersin. Mening oilaviy masalamga aralashishga hech kimning haqqi yo`q", deydi kaltaklangan ayol.
Ayni paytda kaltaklangan ayolga "Himoya orderi" berilgan. Holat yuzasidan Sho`rchi tuman IIO tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






