Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi sobiq bosh maslahatchisi Husan Ravshanovga qo`llangan qamoqqa olish ehtiyot chorasi o`zgartirilib, u qo`yib yuborilgan. Bu haqda uning advokati Abdumalik Abdullaev feysbuk sahifasi orqali xabar berdi.
"Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudining 2023 yil 4 maydagi ajrimiga asosan, himoyamizda bo`lgan Husan Ravshanovni qamoqqa olish ehtiyot chorasi o`zgartirilib, 1-sonli tergov hibsxonasidan ozod etildi.
Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi sobiq bosh maslahatchisi Husan Ravshanov 2023 yil 3 fevral kuni JPKning 227-moddasi tartibida ushlanib, 5 fevral kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanilgan edi.
Hozirda unga, go`yoki Facebook'da begona ism-sharif bilan akkaunt ochib, adliya xodimlarini korrupsiyada ayblash orqali tuhmat qilganlikda ayblov ilgari surilmoqda.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tish lozimki, Yashnobod tuman sudining sudyasi jinoyat ishini sudda ko`rish uchun tayinlash haqida ajrim chiqarish vaqtida JPK 396-moddasiga muvofiq ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi noto`g`ri tanlangan, degan to`xtamga kelib ehtiyot chorasini o`zgartirish haqida ajrim chiqardi", deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, Adliya vazirligi sobiq xodim X.R. hamkasblari sha`ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma`lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib kelgani aniqlanib, materiallar tegishli huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborilganligini va tergov harakatlari olib borilayotganini ma`lum qilgan edi.






