"O`zbekiston temir yo`llari" AJ yo`lovchilarni chiptalar bilan bog`liq firibgarlikdan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, so`nggi vaqtlarda "O`ztemiryo`lyo`lovchi" aksiyadorlik jamiyati tomonidan chiptalarni rasmiylashtirish bilan bog`liq bir nechta firibgarlik holati kuzatilgan. Ulardan biri 2023 yilning 4 may kuni 766-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoezdining “Toshkent — Samarqand — Buxoro” yo`nalishida harakatlangan yo`lovchi poezdda sodir bo`lgan.
Unda chiptaga elektron tarzda boshqa shaxslarning ma`lumotlari kiritilgan holda qalbakilashtirilib, bir nechta fuqaro harakatlanayotgani aniqlandi.
Mazkur holatda yo`lovchi poezdlarda xizmat tekshiruvlarini o`tkazishda tegishli mutaxassislar jalb qilinib, yo`lovchi poezdlarda firibgarlik yo`li bilan harakatlanadigan yo`lovchilarga qonunda belgilangan choralar ko`riladi.
“Temiryo`l transporti uchun chiptalarni faqat temiryo`l chiptaxonalarida yoki Chipta.railway.uz rasmiy sayti orqali onlayn xarid qilishingiz mumkin.
Elektron chiptalarni xarid qilishda, shaxsiy va uyali aloqa ma`lumotlaringiz to`g`ri va aniq ekanligiga ishonch hosil qiling”, — deyiladi xabarda.






