Bugun, 6 may tongida Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Kitob, Yakkabog` va Dehqonobod tumanlari, Jizzax viloyatining Zomin tumanida qor yog`di. Holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilindi.
Jumladan, Kitob tumani Aspiduxtar, Denovbola qishloqlarida, Shahrisabzdagi qishloqlarda va Dehqonobod tumani tog`larida bugun erta tongda kuchli qor yog`gan.
Zomin tog`larida ham ayni paytda qor yog`ib o`tmoqda.
"O`zgidromet" etakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatovga ko`ra, Qashqadaryo viloyati dengiz sathidan 2200 metr yuqori tog`li qishloqlarida yoqqan qor hodisalari va haroratning nol darajagacha pasayishi hududlardagi tuggan meva va gullarni sovuq urishiga olib kelgan bo`lishi mumkin.
Eslatib o`tamiz, avvalroq "O`zgidromet" dam olish kunlari O`zbekistonning qator hududlarida yomg`ir, do`l va hatto qor yog`ishi mumkinligini xabar qilgan edi.






