Prezidentning 19.04.2023 yildagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O`zbekiston Respublikasida shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” PQ-124-son qarori qabul qilindi.
“O`zbekiston Respublikasida shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi” loyihasini amalga oshirish uchun OTB bilan 59 million AQSh dollari miqdoridagi qarz bitimini imzolash bo`yicha dastlabki kelishuvga erishilgan.
Bunda O`zbekistonning xalqaro shartnomalari bo`yicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag`lari (qarzlari, kreditlari) hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida olinadigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilingan.
Loyihani amalga oshirish muddati 5 yilni (2023-2027 yillar) tashkil etadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- “O`zbekiston Respublikasida shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi” loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;
- “O`zbekiston Respublikasida shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi” loyihasi bo`yicha Osiyo taraqqiyot banki qarzini so`ndirish va foizlarni to`lashning prognoz jadvali;
- “O`zbekiston Respublikasida shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi” loyihasi doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarzini 2028 yildan boshlab qoplash yuzasidan ulushlar taqsimotining prognoz jadvali;
- “O`zbekiston Respublikasida shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi” loyihasi 2-komponenti doirasida Osiyo taraqqiyot banki qarzi bo`yicha xizmat ko`rsatish xarajatlarini qoplash yuzasidan ulushlar taqsimotining prognozi.






