Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi nafaqat davlat byudjetiga kelib tushayotgan mablag`larning ko`payishiga, balki byudjet mablag`larining to`g`ri va samarali sarflanishiga bog`liq. Shuning uchun so`nggi yillarda byudjet sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, respublikamizda byudjet tizimi ochiqliqligi va shaffofligini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo`nalishlaridan biri bu byudjet mablag`larining shakllanishi va taqsimlanishida fuqarolar ishtirokini ta`minlash bilan bog`liq mexanizmlarning amaliyotga joriy etilayotganligidir. Bunga misol qilib byudjet ma`lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag`larining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda mahalliy byudjetdan amalga oshiriladigan xarajatlar yo`nalishlarini belgilashda fuqarolar ishtirokini ta`minlanishidir.
Davlat rahbarining 2018 yil 22 avgustda qabul qilgan “Byudjet ma`lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ–3917-sonli Qarori byudjet mablag`lari bilan bog`liq munosabatlarni yo`lga qo`yishda keskin o`zgarishlarga olib keldi. Mazkur Qarorga muvofiq, 2019 yildan boshlab byudjet mablag`larini taqsimlashda fuqarolar tomonidan mahalliy byudjetning qo`shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo`naltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi. Shu bilan birga qarorda ko`rsatilgan topshiriqlarni bajarish maqsadida 2019 yil 1 yanvaridan jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun tuman (shahar)lar byudjetlarining qo`shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilish taklif etilayotgan tadbirlar to`g`risidagi axborotni joylashtirishni nazarda tutadigan “Ochiq byudjet” axborot portali (www.openbudget.uz) ishga tushirildi.
O`zbekistonda uzoq yillar davomida davlat byudjeti ochiqligi va uning ustidan jamoatchilik nazoratini o`rnatish haqida gap-so`z bo`lishi ham mumkin emas edi. Yuqorida ta`kidlaganimizdek so`nggi yillarda mamlakatimizda byudjet tizimida amalga oshirgan islohotlar natijasida uning ochiqligini ta`minlashga qaratilgan amaliy ishlar hayotga tadbiq etila boshlandi. Buning uchun bir qator me`yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bu esa fuqarolarimizni nafaqat davlat byudjeti ustidan nazorat o`rnatishga, balki mablag`larni sarflanishida ham ishtirok etishlarini ta`minlashga sharoit yaratdi. Yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasiga shu maqsadga qaratilgan qoidalarning kiritilishi yuqorida qayd etib o`tgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ko`rishimiz mumkin.
Yangilanayotgan Konstitusiyaning 148-moddaga kiritilayotgan davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillarining ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat byudjetining shakllantirilishi, ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirilishini davlat tomonidan kafolatlanishi kabi yangi qoidalarni misol qilib ko`rsatishimiz mumkin. Mazkur qoidalar birinchi navbatda fuqarolarning mahalliy va davlat byudjeti qanday shakllanishi hamda byudjet mablag`larini qanday sarflanishi ustidan nazorat o`rnata olishlariga xizmat qiladi. Chunki, ayrim holatlarda mahallalarda mavjud bo`lgan muammolarni hal etish bo`yicha aholining ayrim murojaatlariga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan “rejaga kiritildi, moliyalashtirish bo`lsa bajaramiz” degan javoblar berilgan. Ming afsuski ko`p holatlarda asosiy muammolar qolib, ikkinchi darajali masalalarni hal etish yuzasidan qarorlar chiqarilgan. Bu esa aholini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarini yana ortga surilishiga sabab bo`layotgan edi. Shunday holatlarni keskin ravishda oldini olish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitusiyaga byudjet ochiqligi va shaffofligini ta`minlaydigan yangi moddalar kiritilmoqda.
Mazkur moddalarning amaliyotga joriy etilishi birinchidan, davlat byudjetining ochiqligini ta`minlasa, ikkinchidan, davlat byudjetining aniq manzilli va maqsadli ishlatilishini ta`minlaydi.
Yana bir muhim jihati bevosita mahalliy va davlat byudjeti mablag`larini shakllanishi va ishlatilishiga bevosita aloqador bo`lgan mansabdor shaxslar, davlat organlari, hokimlar va hokimliklar hamda mahalliy va parlament darajasidagi deputatlarga byudjet mablag`larini ishlatilishi bo`yicha katta mas`uliyat yuklaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, mazkur moddaning fuqarolarimiz tomonidan qo`llab-quvvatlanishi kelajakda byudjet mablag`larining talon-taroj qilinishini oldini olish bilan birga byudjet mablag`larini o`rinsiz yoki besamara foydalanilishining oldini olishga zamin yaratadi. Bu esa aholiga malakali tibbiy xizmatlar ko`rsatish, sifatli ta`lim olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga zarur bo`lgan yordamlar ko`rsatiladi hamda ularni uy-joy bilan ta`minlash, tadbirkorlik va umuman, davlat va jamiyatni hayotining boshqa barcha sohalarida samaradorlikni ta`minlashga xizmat qiladi.
Nodirbek Rasulov
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti
loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori






