Bugun, 19 apreldan boshlab O`zbekiston bo`ylab soat 09:00 dan referendum uchastkalari muddatidan oldin ovoz berish uchun ochildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.
Referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 09:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Referendum kuni o`z yashash joyida bo`lish imkoniyatiga ega bo`lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berish 19 aprel prel kuni boshlanib, 26 aprel kuni yakunlanadi.
Muddatidan oldin ovoz berish tartibi
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun ovoz beruvchi fuqaro tegishli uchastka komissiyasi a`zosiga o`z shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko`rsatadi hamda referendum kunida bo`la olmasligining sababi, jumladan, ta`til, xizmat safari, xorijga chiqish kabi sabablar ko`rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka komissiyasidan ovoz berish byulletenini va konvertni oladi.
Ovoz beruvchi fuqaro byulletenni olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a`zosi hozirligida ovoz beruvchi fuqarolar ro`yxati ko`chirmasiga imzo qo`yadi. Ovoz berish byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida ovoz beruvchi tomonidan mustaqil qaror qabul qilishi orqali to`ldiriladi.
Ovoz beruvchi to`ldirilgan ovoz berish byulletenini konvertga soladi va elimlab yopadi. Ovoz beruvchi to`ldirilgan ovoz berish byulletenini yopiq konvertda uchastka komissiyasi a`zosiga topshiradi.
Uchastka komissiyasining ikki nafar a`zosi ovoz beruvchi hozirligida konvertning yopiqligini tekshiradi va konvertning elimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a`zosining imzolari qo`yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.
Konvert ovozlarni sanab chiqish jarayoniga qadar uchastka komissiyasining seyfida saqlanadi.






