Sudanda mamlakat armiyasi va Tezkor harakat kuchlari o`rtasida 15 apreldan beri davom etgan to`qnashuvlar natijasida 270 kishi halok bo`ldi, 2,6 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Bunday ma`lumotlarni 18 aprel, seshanba kuni Jenevada bo`lib o`tgan brifingda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreesus ma`lum qildi.
Unga ko`ra, halok bo`lganlar orasida BMT Jahon oziq-ovqat dasturining uch nafar xodimi ham bor. "Sudandagi vaziyat chuqur tashvishga solmoqda", - dedi Gebreesus bu borada. "Men insonlar halok bo`lishini qoralayman. Biz Sudandagi birodarlarimiz va opa-singillarimiz bilan birdamlik bildiramiz", - deya ta`kidladi JSST rahbari.
Gebreesusning so`zlariga ko`ra, uning tashkiloti harbiy harakatlar boshlanishidan oldin Sudandagi tibbiyot muassasalariga tarqatgan yordam allaqachon tugagan. Biroq, davom etayotgan to`qnashuvlar sharoitida keyingi etkazib berishni tashkil qilishning iloji yo`q. Shu bilan birga, poytaxt Xartumdagi shifoxonalarda yaradorlarni davolash uchun zarur vositalar etishmaydi, deya qo`shimcha qildi u. "Ba`zi tibbiy muassasalar talon-taroj qilingani, boshqalari esa harbiy maqsadlarda foydalanilayotgani haqida xavotirli xabarlar bor", - dedi Tedros Gebreyesus.
15 apreldan buyon mamlakatning amaldagi prezidenti bo`lgan O`tish davri suveren kengash rahbari Abdel Fattoh al-Burxon va kengash rahbari o`rinbosari, Tezkor harakat kuchlariga rahbarlik qiluvchi Muhammad Hamdan Dagalo o`rtasida ziddiyat davom etmoqda.






