Avval xabar berganimizdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida qonun (O`RQ–829-son, 11.04.2023 yil) Prezident tomonidan imzolandi.
Xo`sh, endi ayollar huquqi rosmana himoya qilinadimi, bu borada jahon tajribasi qanday, bu turdagi qonun qabul qilishga bizda ehtiyoj bormidi? Darakchi.uz’ning shu va shu kabi savollariga Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi Malika Qodirxonova javob berdi.
Xalqaro tajriba o`rganildimi?
– Har qanday sohani takomillashtirishda xorijiy tajribani o`rganish va uni mahalliy sharoitlarimizga moslashtirgan holda samarali tadbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahonning ko`pgina mamlakatlarida xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo`ravonlik holatlari alohida toifaga kiritiladi. Chunki bunday holatlarning oldini olish ham, ularning oqibatlarini bartaraf etish ham o`ziga xos farqli jihatlarga ega. Ekspertlarning fikricha, uy sharoitidagi zo`ravonlik va oilaviy zo`ravonlik bu noxush vaziyatlarning shunday bir turiki, ularga ayollar va bolalar erkaklarga nisbatan ko`proq duch keladilar. Boisi oddiy – ular aynan ayol va yosh va ishonuvchan bolalar bo`lganliklari uchun ko`p hollarda zo`ravonlik qurbonlariga aylanadilar...
Xorijiy davlatlardan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvesiya, Bolgariya, Avstraliya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo davlatlarining qonunchiligi o`rganib chiqilganligini aytib o`tmoqchiman.
Aytish joizki o`tkazilgan o`rganishlar sohani tartibga soluvchi qonunchilikda bir qator bo`shliqlar va muammoli masalalar mavjudligini ko`rsatdi.
Ayollar huquqi qanchalik himoyalandi?
– Endilikda voyaga etmaganlar va xotin-qizlarga nisbatan jinsiy zo`ravonlik qilganlarga hech qanday insonparvarlik aktlari qo`llanilmaydi. Bundan tashqari yangi hujjatga ko`ra:
Birinchidan, Jinoyat kodeksida “Oilaviy (maishiy) zo`ravonlik” tushunchasi va ushbu jinoyat uchun javobgarlik choralari qat`iy mustahkamlanmoqda;
Ikkinchidan, ta`qib qilish uchun ma`muriy javobgarlik belgilanmoqda;
Uchinchidan, nogironlik belgilari ayon bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo`ravonlik, nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish kabi yangi og`irlashtiruvchi qism kiritilmoqda;
To`rtinchidan, zo`ravonlik, nomusga tegish holatlarida jabrlanuvchini tarbiyalash, o`qitish yoki unga g`amxo`rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek, jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan o`z zimmasiga yuklatilgan ta`lim, tarbiya, tibbiyot muassasasining yoki boshqa muassasasaning xodimi tushunchasi aniqlashtirilib, ularga nisbatan ham qat`iy jazo belgilanmoqda;
Beshinchidan, jinsiy zo`ravonlik, shu jumladan, voyaga etmaganlarga nisbatan jinsiy zo`ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan qonunchilikda ko`zda tutilgan engilliklar bermaslik, xususan, jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni engilrog`i bilan almashtirish choralarini qo`llamaslik belgilanmoqda;
Oltinchidan, voyaga etmaganlar tasvirlari tushirilgan pornografik mahsulotlarni tayyorlash, axborot-kommunikasiya tarmoqlaridan foydalangan holda voyaga etmagan shaxsni yomon yo`lga solish uchun javobgarlik belgilanmoqda;
Ettinchidan, shaxsning sha`nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma`lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Xorazmdagi holat bo`yicha nima deya olasiz?
Bizni shu vaqtgacha amal qilgan qonunimizda shu turdagi jinoyat qilgan shaxslarga nisbatan jazoni muddatidan oldin shartli ozod qilish, jazoni engiliga almashtirish, jazoni oxirigacha o`tamaslik holatlari bo`lardi.
Xorazmdagi holat ham aynan bu qonun qabul qilinganda ularga belgilangan jazoni, ular oxiriga o`taydi va aynan hozir sudda bu ish ko`rilayapti. O`ylaymanki, jinoyat qilgan shaxslar jinoyatiga yarasha jazo oladi.
Xulosa o`rnida nima deya olasiz?
Bu Qonun jamiyatimiz tomonidan uzoq kutilgan qonundir. Mazkur o`zgartirishlarning tub mohiyatida avvalo inson va uning manfaatlari ustuvorligi yotadi.
Shu bilan birga, shuni ta`kidlashni istardimki zo`ravonlikning oldini olishga qaratilgan sa`y-harakatlar tizimli, xar kunlik va xar joyda amalga oshiriladigan ishga aylanishi kerak. Shundagina biz jamiyatimizda bu illatni bartaraf eta olamiz.






