Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyati Ko`kdala tumanidagi qishloqlarning biriga bo`ri kelib qolgani haqida xabar tarqaldi. Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, "To`qmor" MFY da yashovchi fuqaro N.O.ning hovlisiga yovvoyi hayvon kirib qolganligi to`g`risidagi murojaat kelib tushgan.
Shundan so`ng, Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hamda Ko`kdala tuman IIB xodimlari bilan o`rganish ishlari olib borilgan. O`rganish davomida fuqaroning hovlisiga kirib qolgan hayvon bo`ri ekanligi aniqlandi.
Shahrisabz shahrida joylashgan "Zoosirk" xususiy korxonasiga xabar berildi. Mutaxassis tomonidan bo`rining holati o`rganilib, uning xulosasi bilan tabiat qo`yniga qo`yib yuborish choralari ko`rilmoqda.
Shuningdek, 7 aprel kuni Buxoro viloyati Olot tumanida tulki bolasining hayoti saqlab qolindi.
Tabiat resurslari vazirligi Buxoro viloyati boshqarmasi Olot tumani inspeksiyasi inspektori Mo`minjon Saidovning uyiga tulki bolasi adashib kirib qoladi. Uning oyoqlari jarohatlangan, yordamga muhtoj edi. Inspektor darhol tulki bolasini veterinariyaga olib boradi va birinchi yordam ko`rsatiladi.
Ayni paytda tulki bolasi Buxoro shahar “Somoniylar bog`i”dagi hayvonot bog`iga topshirilgan. U sog`ayib ketganidan keyin tabiat bag`riga qo`yib yuboriladi.






