Prezident qaroriga ko`ra joriy yil 1 maydan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obektlaridan ayrim tovarlarni sotib olganda xarid summasidan 1% miqdordagi keshbek o`rniga, 12% QQS qaytariladi. Bu haqda DSQ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
QQS qaytarib beriladigan mahsulotlar ro`yxati
-Qo`y go`shti
-Parranda go`shti
-Mol go`shti
-Tuxum
-O`simlik yog`i
QQSni qaytarib olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reestri”dagi iste`molchi Soliq mobil ilovasini yuklab olib, Face id orqali ro`yxatdan o`tishi hamda ilovada xarid chekining QK-kodini skaner qilishi lozim.
QQSni qaytarishda sotib olingan mahsulot QQS qaytariladigan mahsulotlar ro`yxatiga kirganligi, xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reestri” da ekanligi hamda tadbirkor QQS to`lovchi sifatida ro`yxatdan o`tganligi inobatga olinadi.
Agar reestrdagi iste`molchi:
- QQS qaytariladigan mahsulotlar bilan birga boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib chekni ro`yxatdan o`tkazganda QQS qaytariladigan mahsulotlar uchun 12%, boshqa turdagi mahsulotlar uchun 1% keshbekka ega bo`ladi;
- QQS to`lovchisi bo`lmagan tadbirkorlik subektidan QQS qaytariladigan mahsulotlar sotib olganda 1% keshbek qaytariladi.
Eslatma:
QQS summasi chek ro`yxatdan o`tkazilgan oydan keyin oyning 25-sanasidan so`ng Soliq mobil ilovasi orqali to`lab beriladi.






