Kuni kecha Sergelida ayol 3 nafar farzandi bilan o`zini 9-qavatdan pastga tashlagani haqida xabar bergan edik.
Bosh prokuratura matbuot xizmating xabar berishicha, 3 aprel kuni soat 19.20 larda Sergeli tumani 8-mavzedagi ko`p qavatli uyda yashab kelgan ayol ikki nafar o`g`li va bir nafar qizini qasddan o`ldirish maqsadida, 9-qavatdan birin-ketin derazadan tashlab yuborib, so`ngra o`zi ham oynadan sakrab joniga qasd qilgan.
Oqibatda barchasi voqea joyida vafot etishgan.
Darakchi.uz hodisa joyida bo`lib marhumaning qo`shnilari bilan suhbatlashdi.
"Uyi yongani uchun onasinikiga kelgan. Shu erda vaqtinchalik yashab turishgan. Birovga zarari tegadigan oila emas. Uch qiz bir o`g`il edi",–deydi marhumaning qo`shnilari.
Ma`lumotlarga ko`ra, marhuma ayol Toshkent viloyati Zangiota tumanida turmush o`rtog`i bilan istiqomat qilgan xonadonda 2022 yil oktyabr oyida yong`in sodir bo`lganligi sababli 3 nafar farzandi bilan onasining uyida istiqomat qilib kelgan hamda ushbu holatlar uning ruhiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatgan. Biroq mahalla faollari marhuma va onasining munosabatlari yaxshi bo`lganini aytishdi.
"35 yildan beri shu mahallada yashayman. Kecha bo`lgan voqeani bugun ertalab eshitdim. Menga telefon qilib aytishdi, shokka tushib qoldim. Bu oila biror marta mahalladan yordam so`rab chiqmagan, o`ziga to`q oila",–deydi "Sohibqiron" MFY nuroniylar kengashi a`zosi Qobuljon Rasulov.
Kecha tunda hodisa sodir bo`lgach ijtimoiy tarmoqlarda ayolning holati haqida turli taxminlar aytildi. Kimdir marhumaning eri ikkinchi xotini bilan "Umra" ziyoratiga ketgani uchun shunday qildi degan bo`lsa, yana kimdir onasi bilan bo`lgan kelishmovchilik sabab bo`lgan dedi. Hozircha bizga ma`lumi uch norasida va ularning onasi hayotdan ko`z yumgan. Aslida bunga nima sabab bo`lganini esa vaqt ko`rsatadi.
Hozirda mazkur ish bo`yicha Jinoyat kodeksining 97- (Qasddan odam o`ldirish) va 103-moddasi (O`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






