Hisob-kitoblarga ko`ra, 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Bu haqda 2022–2026 yillarga mo`ljallangan O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risidagi prezident farmonida qayd etilgan.
Ma`lum bo`lisha, ichki xo`jalik sug`orish tarmoqlarining 77 foiz sug`orish tarmog`i tuproq o`zanli bo`lib, 44 foiz tarmoq ta`mirlash va tiklashga, 10 foiz tarmoq esa, rekonstruksiya qilishga muhtoj. Suv iste`molchilarining suv olish joylari esa aksariyat holda suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan.
Shu sababli, irrigasiya tizimi va sug`orish tarmoqlarining foydali ish koeffisienti past bo`lib, asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sug`orish tarmoqlarida yo`qotilmoqda.
Buning oldini olish maqsadida vazir—mirob—fermer uzluksiz tizimini yo`lga qo`yish hamda suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish ko`zda tutilmoqda. Natijada suvni etkazib berishdagi tabiiy yo`qotishlar salmog`i 10 foizgacha kamaytiriladi. Shuningdek, suv solig`i bo`yicha tushumlarning 25 foizi tumanlarda sug`orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo`naltiriladi.
Davlat dasturiga ko`ra, Suv xo`jaligi vazirligiga 2023 yil yakuniga qadar 13 mingta ta suv xo`jaligi ob`ektida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigasiya va meliorasiya tadbirlarini o`z vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard kub metr suv iqtisod qilish va 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sug`orishga yo`naltirish topshirilgan.
Suv xo`jaligi ob`ektlarini raqamlashtirish ishlariga jami 390 milliard so`m mablag` ajratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, respublika bo`ylab suvning aniq hisob-kitobini yuritish, suvdan belgilangan limit asosida foydalanish hamda suvni operativ boshqarish imkoniyati amalga oshiriladi. Suv manbalaridagi mavjud suvlardan foydalanish samaradorligi ortishiga va loyiha hududlarida 2-5 foizgacha suv resurslari iqtisod qilinishiga erishiladi.
Talabga nisbatan etishmaydigan suvning qariyb 12 milliard kub metr qismi suv iqtisod qilish tadbirlari hisobiga qoplanib, O`zbekistonda 2030 yilga borib etishmaydigan suv 3 milliard kub metrni tashkil qilishi kutilmoqda.






