Prezident Shavkat Mirziyoev 10 fevral kuni Jizzax viloyatida sanoatni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko`paytirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazgani haqida xabar bergan edik.
Yig`ilishda energetika ta`minotini yaxshilash masalasiga ham e`tibor qaratildi.
Jizzax viloyatida kamida 2 ming Megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun salohiyat borligi ta`kidlandi. Bundan foydalanib, 270 Megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushirilishi aytildi. Buning hisobiga 236 million kilovatt soat ishlab chiqarilib, tanqislik ortig`i bilan qoplanadi, jami 71 million kub metr gaz tejaladi.
Jumladan, G`allaorolda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasining 200 million dollar to`g`ridan-to`g`ri investisiyasi hisobidan, 220 Megavattli yirik quyosh stansiyasi ishga tushiriladi. Kelgusi yilda bu stansiya to`liq quvvatga chiqib, 500 million kilovatt soat elektr olinadi va viloyat ehtiyojining 20 foizini qoplaydi.
Shuningdek, ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida 5 Megavattli, Sanoat zonasi va tadbirkorlar binolarida 15 Megavattli quyosh panellari o`rnatish mumkinligi ko`rsatib o`tildi. Aholi xonadonlariga 8 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o`rnatish uchun jozibador sharoitlar yaratiladi.
Tadbirkorlarning o`z ehtiyojlari uchun 5, 10, 15 Megavattli quyosh stansiyalari qurish tashabbuslari qo`llab-quvvatlanadi.
Zafarobodda bu yil jami 2 Megavattli 2 ta kichik GES quriladi va bu yil 2,4 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Osiyo taraqqiyot banki bilan birga, Forishda 150 Megavattli yirik quyosh stansiyasi loyihasi boshlanadi. Bu stansiya to`liq quvvatga chiqqanda, 370 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Jizzax shahrida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kogenerasiya markazi quriladi.
Davlatimiz rahbari Jizzax elektr tarmoqlaridagi yo`qotishlar ko`p ekanini qayd etib, buni kamaytirish, viloyatda 4 mingdan ziyod korxonaning energiya samaradorligini oshirish bo`yicha topshiriqlar berdi.
Viloyat jamoatchiligi vakillari, nuroniylar va yoshlar bilan muloqot bo`ldi. Ular yurtimizdagi yangilanishlar, yaratilayotgan sharoitlar samarasi haqida o`z hayoti va faoliyatidagi muvaffaqiyatlar misolida so`zlab berdi. Davlatimiz rahbari ularning taklif va tashabbuslarini tinglab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Yig`ilish so`ngida yana bir muhim voqea – 3 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo`ldi. Ular – Forish tumanidagi “Eco Basalt Group”, Jizzax sanoat zonasidagi “Mono Electric” va “Super medical elements” shirkatlaridir.
Birinchi korxona bazaltdan yiliga 5 ming tonna kompozit quvurlar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`ladi. “Mono Electric”da 1 ming 500 turdagi elektr texnika mahsulotlari, “Super medical elements”da 40 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonalar hisobiga, 700 dan ortiq aholi yuqori daromadli doimiy ish joyiga ega bo`ladi.
Marosimda videoaloqa orqali korxonalar vakillari bilan muloqot qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoev ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Shuning bilan Jizzax viloyatiga tashrif yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo`nab ketdi.






