Biroz avval bugun Human.uz sayti direktori Xurshid Daliev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari — jami etti kishi nashrning Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisidan olib ketilgan haqida xabar bergan edik.
Holat yuzasidan O`zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
" Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Raqamli texnologiyalar vazirligiga tegishli so`rovlarni yubordi.
Aniqlanishicha, prokuratura organlariga fuqarolardan ushbu internet nashrda ishlovchi xodimlar bilan bog`liq murojaatlar kelib tushgan. Ularga asosan Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko`chasi, 2-uyda tezkor tadbir tashkil etilgan. Tez orada batafsil ma`lumot berilishi ta`kidlandi" deyiladi xabarda.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligining ma`lumotiga ko`ra, human.uz veb-sayti O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo`lgan Internet tarmog`i Reestriga kiritilmagan va O`zbekiston Respublikasi hududida undan foydalanilishiga chek qo`yilmagan.
AOKA huquqni muhfaza qiluvchi organlarini human.uz internet-nashri xodimlari bilan bog`liq vaziyatda amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilinishiga hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ta`minlanishiga chaqirdi.
Holat bo`yicha Bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiev ayrim ma`lumotlarni e`lon qildi. Unga ko`ra, holat bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan va sayt mas`ullaridan tashqari davlat tashkilotlarida ishlovchi boshqa shaxslar ham prosessual tartibda ushlangan.
"Manbalarimizning bergan xabariga ko`ra, sayt ma`muriyati sayt xodimlari sifatida emas, Kompromatuzb Telegram kanali adminstratorlari sifatida qo`lga olingan.
Bundan tashqari, ushbu kanal adminstratorlari orasida boshqa tashkilot vakillari ham borligi aytilmoqda. Ularning shaxsini hozircha aniqlashtirish imkoni bo`lmadi.
Aytishlaricha, ushbu kanalni yurituvchi shaxslar tovlamachilik, soliqqa oid jinoyatlarni sodir etish va boshqa shu kabi iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda.
Nashr ofisi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Quyi Chirchiq tumani bo`limi tomonidan muhrlangan" deb yozadi bloger.






