AsosiyJamiyat

Mudofaa vazirligi qo`shinlarida "ligota" uchun test sinovlari boshlandi

'Mudofaa vazirligi qo`shinlarida "ligota" uchun test sinovlari boshlandi'ning rasmi

Bugun, 26 yanvar kuni Mudofaa vazirligi qo`shinlarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilartomonidan jangovar va ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik dasturlarining o`zlashtirganligini yakuniy baholash hamda ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlari ishtirokida test sinovlari boshlandi.

O`qishga kirishda muddatli harbiy xizmatchilarga imtiyoz beradigan tavsiyanoma uchun tuzilgan mazkur test savollarining umumiy soni 100 ta bo`lib, ularning 40 tasi – jangovar tayyorgarlik, 20 tasi – ma`naviy-ma`rifiy tayyorgarlik, 10 tasi – matematika, 10 tasi – fizika, shuningdek, qolgan 20 tasi mantiqiy savollardan iboratdir. Test sinovlarini bajarish va javoblarini belgilash uchun askarlarga 3 soat vaqt ajratilgan.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab, harbiy qismlar qo`mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo`lgan fuqarolar respublikaning oliy harbiy ta`lim muassasalaridagi tegishli ta`lim yo`nalishlariga o`qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko`ra to`plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo`shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo`ladilar. 

Shuningdek, ular respublikaning oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga o`qishga kirishi uchun tegishli o`quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta`lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko`rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etishadi. Tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.

Test sinovlari barcha hududlarda o`tkazilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar