Rossiyadagi bazi telegramm kanallar, OAVlari “Rossiya, Qozog`iston va O`zbekiston ishtirokidagi, uch tomonlama energetik ittifoq tuzildi” deb xabar berishmoqda. Unda Gazprom boshlig`i Miller va O`zbekiston energetika vaziri Jo`rabek Mirzamaxmudov bilan “yo`l xaritasi” imzolanganligi, yuqoridagi ittifoqning yuzaga kelishiga asos bo`ldi deyilmoqda. Ikki kundirki, holat ijtimoiy tarmoq foydaluvchilari, O`zbekiston faollari o`rtasida keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
"Qiziq vaziyat... Nega O`zbekiston davlat institutlari jamoatchilikka bu borada keng va tushunarli xabar bermadi? Bu “yo`l xaritasi”dan maqsad nima, nimalar bu kelishuvda nazarda tutilgan? Va bu O`zbekistonning manfaatlariga qanchalik mos keladi? Xuddi imi-jimida kelishilgan kelishuvga o`xshayapti. Vaziyatni kuzatib, o`rganib boramiz. Lekin, energetik mustaqilligimizga real tahdid bormi, degan o`rinli savol paydo bo`lmoqda. Rossiya, Ukrainaning, g`arbiy Evropadagi ko`plab davlatlarning geosiyosiy mustaqilligini aynan energetik sektor orqali qaram qilishdan boshlagan edi", - deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov
"Yo`l xaritasi. Biz yuradigan yo`l xaritasi. Lekin biz bu yo`lni, bu xaritani va borar manzilni ham bilmaymiz, vaholanki yo`lchi-yo`lovchi bizmiz. Bizni etaklashyapti. Xohlagan tomonlariga. Jarlikkami, nurli yo`lgami, biz bilmaymiz. Biz ko`rmiz. Paypaslab ketaveramiz. Ammo yo`ldagi sherik ayyor, shafqatsiz, qonxo`r..." - deya yozdi Mubashshir Ahmad.
"Gazprom bilan o`zaro munosabatlarning barchasi ochiqlanishi shart! Xalq shunga qarab baho beradi: mamlakatni, suverenitetni sotishdimi yo`qmi? Ochiqlanmagan taqdirda bu to`g`ridan-to`g`ri xalqga qilingan yashirin xoinlik, deb xulosa qilinishiga olib keladi", - deydi sobiq deputat Rasul Kusherbaev.
"O`zbekiston “O`ztransgaz” va “Xududgazta`minot” gaz transporti tizimini ishonchli boshqaruvga berishga rozi bo`lishi mumkin. Taxminlarga ko`ra, kompaniyalar birlashtirilishi va "Gazprom" yoki uning sho`ba korxonasi boshqaruviga o`tkazilishi mumkin. Umid qilamanki, bu O`zbekiston imzolagan ko`plab memorandumlar singari qog`ozdagi “yo`l xaritasi” bo`lib qoladi. Agar bunga qadar nomaqbul siyosiy qarorlar tufayli milliardlab zararlar ko`rilgan bo`lsa, endilikda “Gazprom” O`zbekistonning gaz transporti tizimini boshqaruvga olsa, unda mamlakatning energetik mustaqilligini, umuman, davlat suvereniteti xavf ostida bo`lishi mumkin. Hokimiyat “tijorat siri” va boshqa bahonalarga havola qilmasdan, hujjat tafsilotlari haqida ochiq e`lon qilishi kerak", - deya taxmin qilmoqda jurnalist Shuhrat Latipov.
"Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov Energetika va Tashqi ishlar vazirlari bilan "Gazprom" yo`l xaritasi tafsilotlarini gaplashganini ma`lum qildi.
"Bu insonlar murakkab davrda mamlakatimiz manfaatlari uchun jiddiy va foydali ishlar qilishmoqda. Bu ish milliy manfaatlarimizga zarar emas, aksincha yaxshigina foyda keltirmoqda. Ko`p tomonlama bo`lgan bu kelishuv tugallansa, batafsil axborot beriladi, bu biznes odobi, sir emas! So`z erkinligi birinchi navbatda mas`uliyatdir. “Yo`l xaritasi” bilan "shartnoma"ni farqlay olmaydiganlar xalq manfaati uchun kurashayotgan mas`ullarni xoinlikda ayblashi, bilib yoki bilmay O`zbekiston manfaatiga zid yo`nalishda ishlashga o`xshab qolayapti. Fikrimcha, murakkab sharoitlarda, to`g`risini bilmasdan, xalq bilan hokimiyatni bir biriga qayrash - asli xoinlikdir. Yaxshi gumonda bo`lamiz!" - deydi Qodirov.
Sal avval, Energetika vazirligi ushbu muhokamalarga javob qaytardi.
"Olib borilgan muzokaralar hamda “Yo`l xaritasi”da O`zbekiston Respublikasining mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to`liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda etkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo`q.
Kelgusida ushbu yo`nalishdagi barcha ishlar O`zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini to`liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma`lum qilib boriladi", - deyiladi bayonotda.






