"Wizz Air" birinchi bor Toshkentga parvozlarni yo`lga qo`ydi.
Ma`lum qilinishicha, 25 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:33 da Vengriyaning "Wizz Air" aviakompaniyasining samolyoti Toshkentga kelib qo`ndi. Airbus A321 neo samolyoti O`zbekistonga yangi — Abu-Dabi — Toshkent — Abu Dabi parvoz yo`nalishini ochdi. Ekipaj va yo`lovchilar terminalda tantanali ravishda kutib olindi.
To`g`ridan-to`g`ri muntazam reyslar A320/321 samolyotlarida haftasiga uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu yo`nalishdagi chiptalar narxi bir tomonga 45 dollardan boshlanadi.
Eslatib o`tamiz, 2022 yil dekabr oyidan boshlab "Wizz Air" Samarqand aeroportiga haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.
Wizz Air — 2003 yilda tashkil etilgan Vengriyaning arzon narxlardagi aviakompaniyasi. 2022 yil iyul holatiga ko`ra Wizz Air aviaparki o`rtacha yoshi 5,3 yil bo`lgan 141 ta Airbus samolyotidan iborat edi.






