“Volkswagen Caddy“ tez tibbiy yordam mashinalarining navbatdagi partiyasi hududlarga topshirildi, deya xabar bermoqda Sog`liqni saqlash vazirligi.
Vazirlik tizimida eskirgan avtotransport vositalarini bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, “103” xizmatida 2938 dona "Tez yordam" mashinasi bo`lib, shundan 648 tasi yoki 22 foizi normativ hujjatlarga asosan yangilanishga muhtoj.
Jizzax viloyatida Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Otabek Fozilkarimov va vazirlik mas`ul vakillari ishtirokida yangi tez tibbiy yordam avtomashinalarini tantanali topshirish marosimi bo`lib o`tdi.
Bilamizki, “Volkswagen Caddy“ yuqori texnik ko`rsatkichga egaligi, harakatlanish qobiliyati yuqoriligi va ixchamligi bilan ajralib turadi. ️Mazkur avtomobillarni loyihalash va jihozlashda shifokor hamda bemorlarga imkon qadar qulaylik yaratishga e`tibor berilgan.
Hozirgi kunda "103" tasarrufida:
- 244 ta “Hunday”,
- 145 ta “Volkswagen Caddy”,
- 90 ta “Nissan”,
- 46 ta “Toyota”,
- 228 ta “Ford”,
- 13 ta “Foton”,
- 37 ta “UAZ”,
- 5 ta “Isuzu NLR”,
- 29 ta “Isuzu D-MAX”,
- 19 ta “Gazel”,
- 2082 ta “Damas” mashinalari xizmat ko`rsatmoqda.
Ma`lumot uchun: Prezidentning 2021 yil 27 maydagi 5129-son va 2022 yil 16 iyundagi 283-son qarorlariga muvofiq, tizimdagi mavjud “Damas” rusumli va xizmat muddatini o`tagan boshqa turdagi avtotransport vositalarini 2022-2024 yillarda yangilash belgilangan.
Vazirlik bergan xabarga ko`ra, Respublika tez tibbiy yordam markaziga 110 ta beshinchi avlod “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalari taqdim qilingan.
Bu avtoulovlar hududlardagi mavjud ehtiyojga ko`ra quyidagicha taqsimlangan:
- Qoraqalpog`iston Respublikasi — 10 ta,
- Andijon viloyati — 10 ta,
- Buxoro viloyati — 10 ta,
- Jizzax viloyati — 9 ta,
- Qashqadaryo viloyati — 10 ta,
- Navoiy viloyati — 8 ta,
- Namangan viloyati — 10 ta,
- Surxondaryo viloyati — 9 ta,
- Sirdaryo viloyati — 8 ta,
- Toshkent viloyati — 8 ta,
- Farg`ona viloyati — 10 ta,
- Xorazm viloyati — 8 ta.
"Tez yordam" mashinalarini Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Otabek Fozilkarimov topshirdi.






