23 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:26 da Rossiyaning “Azimut” aviakompaniyasining Mineralnie Vodidan uchgan samolyoti "Samarqand" xalqaro aeroportiga qo`ndi. An`anaga ko`ra, ekipaj va yo`lovchilar terminalda tantanali ravishda kutib olindi. Bu haqda "UZBEKISTAN AIRPORTS" xabar bermoqda.
"Mineralnie Vodi — Samarqand — Mineralnie Vodi" yo`nalishi bo`yicha muntazam reyslar "Sukhoi Superjet 100" samolyotida haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ta`kidlanishicha, “Azimut” aviakompaniyasi Mineralnie Vodi shahridan Toshkent, Qarshi, Navoiy, Urganch, Buxoro xalqaro aeroportlariga muntazam reyslarni hamda Farg`ona va Namanganga charter reyslarini amalga oshiradi. Bundan tashqari, aviatashuvchi Toshkent va Samarqandni muntazam qatnovlar orqali Moskva bilan bog`laydi.
Ma`lumot uchun: "Azimut" — bosh qarorgohi Rostov-na-Donu va Krasnodarda joylashgan Rossiya aviakompaniyasi hisoblanadi.






