Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Bek baraka” bozorida IIB xodimlari keksa ayolga kuch ishlatib, buyumlarini olib qo`ygani aks etgan video tarqaldi.
Toshkent viloyat IIBB Axborot xizmati rahbarining ma`lum qilishicha, savdo majmuasi oldidan o`tgan, avtomobillar harakatlanishi uchun mo`ljallangan yo`lning qatnov qismida (yo`l yoqasida) va piyodalar o`tish yo`lagida, bir nechta fuqarolar yoyma savdo tashkil qilishlari oqibatida, yo`lda tirbandliklar yuzaga kelgan.
Shuningdek, piyodalar yo`lagida ham savdo qilinishi sababli yo`ldan o`tuvchilarga noqulaylik kelib chiqqan.
Ushbu sotuvchilarga bozor ichkarisidan, savdo uchun joy ajratib berilgan bo`lsada yo`l yoqasida ishlash davomli bo`lgani uchun, hududdan harakatlanuvchi haydovchilar, piyoda fuqarolar va bozor ma`muriyati tomonidan tegishli tashkilotlarga bir qancha murojaatlar kelib tushgan.
Unga ko`ra, 20 yanvar kuni Zangiota tumani DSI, tuman SEO, Obodonlashtirish va tuman Prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda o`rganish ishlari olib borilgan.
Jarayonda bozor ma`muriyati va yoyma savdo bilan shug`ullanuvchilar o`rtasida o`zaro tortishuv kelib chiqqan.
Shundan so`ng jamoat tartibini saqlar maqsadida voqea joyiga IIB xodimlari jalb etilganlar.
Xizmat faoliyati davomida odamlarni tinchlantirish, tartibni saqlashga keskin qarshilik qilib, janjal ko`targan bir nafar fuqaro (ayol)ning buyumlari va o`zi IIB ga olib borilgan.
Aytilishicha, hech kimga nisbatan tan jarohati yoki noqonuniy, qo`pol hatti harakatlar qilinmagan.
"Hozirda holat yuzasidan qo`shimcha o`rganish va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Natijasida yuzasidan batafsil axborot beriladi", deyiladi bayonotda.






