O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, o`tgan haftada Er yuzi bo`yicha 2,7 milliondan ortiq kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ulardan 13 ming nafarga yaqini kasallik oqibatida hayotdan ko`z yumgan.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko`ra, 9-15 yanvar sanalarida xastalanish ko`rsatkichlari undan avvalgi haftaga nisbatan 9 foizga kamayib, o`lim holatlari esa aksincha qariyb 1 foizga oshgan.
Tashxislar sonining sezilarli pasayish dinamikasi asosan Afrika (-40 foiz), Evropa (-35 foiz) va Janubi-Sharqiy Osiyo (-17 foiz) mamlakatlarida kuzatilgan.
O`lim ko`rsatkichlari esa G`arbiy Tinch okeani mintaqasida 43 foiz, Janubiy va Shimoliy Amerikada 10 foiz hamda Sharqiy O`rta er dengizi mintaqasi mamlakatlarida 9 foizga o`sgan.
O`tgan haftada eng ko`p bemorlar aniqlangan mamlakatlar:
- Yaponiya — 1 million,
- AQSh — 416 ming ,
- Janubiy Koreya — 286 ming,
- Avstraliya — 191 ming,
- Xitoy — 190 ming.
Eng ko`p o`lim holatlari qayd etilgan davlatlar:
- AQSh — 3922,
- Yaponiya — 2849,
- Xitoy — 802,
- Avstraliya — 742,
- Fransiya — 520.
Eslatib o`tilishicha, mutaxassislar dunyoda koronavirusdan o`lim ko`rsatkichlari hamon yuqoriligi bois barcha aholi qatlamiga to`liq bosqichda va buster dozada emlanishni tavsiya etmoqda.






