Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazm – Toshkent yo`nalishidagi avtobuslar manziliga vaqtida etib borolmayapti”, “Xorazmdan Toshkentga yo`lga chiqqan avtobus 24 soatda Samarqandga bordi” sarlavhasi bilan videolar tarqaldi.
Unda Xorazmdan chiqqan avtobus 24 soat davomida Samarqand viloyatiga etib borganligi buning sababi Metan gaz sabab qilib ko`rsatilgani aytilgan.
"Bizdan 150 ming so`mdan pul olindi, endi vaqtida olib kelsin", deydi yo`lovchilardan biri.
Ushbu holatlar yuzasidan Transport vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, Xorazm viloyati transport boshqarmasida 16 yanvar kuni tegishli tashkilotlar hamda avtobus haydovchilari bilan birgalikda yig`ilish o`tkazilgan. Unda asosan yo`l kira tariflarini sun`iy oshirish holatlariga yo`l qo`ymaslik, qatnovlar muntazamligini ta`minlash hamda qo`shimcha avtobus va mikroavtobuslar yo`nalishlarini tashkil qilish masalalari ko`rib chiqilgan.
Yuqorida ko`rsatilgan tushuntirish ishlariga qaramasdan, joriy yilning 17 yanvar kuni soat 15:00 da Urganch avtovokzalidan ikkita avtobuslar “Urganch – Toshkent” yo`nalishi bo`yicha 102 ta yo`lovchi bilan harakatlangan.
Natijada avtobuslar 18 yanvar kuni soat 05:30 larda Navoiy viloyatida gaz yonilg`isi tugashi, ushbu hududdagi AGTKShlar ishlamayotgaligi sababli qatnovlarni oxiriga etkazishning imkoni bo`lmagan.
Vujudga kelgan muammoni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan Navoiy va Samarqand viloyati transport boshqarmalari bilan hamkorlikda yo`lovchilar «SAMO» mehmonxonasiga vaqtinchalik joylashtirildi.
18 yanvar soat 10:27 larda dizel yonilg`isida harakatlanuvchi avtobuslarni jalb qilgan holda Toshkent shahri yo`nalishi bo`yicha harakat yo`lga qo`yilib yo`lovchilar oxirgi manzilga etkazildi.
Yo`lovchilar tomonidan ko`rilgan zarar tashuvchi korxona tomonidan qoplab berildi.
Bunday holatlar qayta takrorlanmasligi bo`yicha Urganch avtovokzali mas`ullari qat`iy ogohlantirilgan.






