Shavkat Mirziyoev qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta`minlash bo`yicha ko`rilayotgan choralar yuzasidan o`tkazilgan kengaytirilgan yig`ilishda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevni ishdan oldi. Davlat rahbari hokimning lavozimdan olinishini «oyog`idan erdan uzilgani» bilan izohlagan.
«Aholimiz tabiiy gaz va elektr ta`minoti, kommunal xizmatlar sifatidan jiddiy e`tirozlarini bildiryapti, buni hammamiz ko`rib turibmiz. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlarini bugungi holatga tayyor emasligini o`zim ham, xalqimiz ham ko`rib turibdi.
Hozirgi kunda poytaxtda 3 million kilovatt cheklov o`rnatilgani, 6 mingga yaqin ulgurji iste`molchilar gaz tarmog`idan uzilganiga qaramay, 120 ta mahallada elektr va gaz ta`minotida uzilishlar bo`ldi… Birgina 15 yanvar kuni Toshkent shahridagi 7 ta yuqori va 524 ta past kuchlanishli transformator hamda 87 ta transformator ortiqcha yuklamaga bardosh bera olmay ishdan chiqdi. Ayniqsa, Yunusobod, Mirzo Ulug`bek va Uchtepa tumanlarida bir kunda 100 ga yaqin mahallalarda avariyalar bo`ldi.
Nega poytaxtda shunday bo`lyapti? Nima uchun biz oldindan tayyorgarlik qilmadik? Vazirlar Mahkamasi mas`ullari shuncha gap gapirganimiz bilan qaerga qaradi degan savol, albatta, meni qiynayapti.
Shu bois vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahar hokimi Ortiqxo`jaevni ishdan oldim. Kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg`on ‘svodka’ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog`i erdan uzilgani uchun ishdan oldim», — deydi Prezident.
Avvalroq qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev lavozimidan ozod etilgandi. Shuningdek, Yunusobod, Mirzo Ulug`bek, Uchtepa tumanlari hokimlariga hayfsan berildi hamda «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati raisi F.Abduraxmonov lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimining birinchi o`rinbosari Baxtiyor Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror o`rinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlangan.
Prezident Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini o`rganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qat`iy javobgarlikka tortishni topshirgan.






