Davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatadigan advokatlarni elektron tanlash imkoniyati yaratilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Mazkur advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tasodifiy tanlanadi.
Ma`lumot uchun: amalda davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatishi uchun advokat faqat jinoyat ishlari bo`yicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan jalb etiladi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatgan advokatlar haqidagi ma`lumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida e`lon qilinadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi “Davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatish to`g`risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, tegishli prosessual qonun hujjatlariga o`zgartirish kiritilganidan so`ng ishga tushiriladi. Bugungi kunda qonun loyihasi Oliy Majlis Senatida ko`rib chiqilmoqda.
Ushbu loyiha bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatiladigan ishlar ro`yxatiga fuqarolik va ma`muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari yaratiladi.
Bepul yuridik yordam ko`rsatish imkoniyatlarini kengaytirilishi va shaffoflashtirilishi fuqarolarga odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.






