Mamlakatimizda 2023 yil 1 yanvaridan boshlab chet davlat fuqarolariga ular tomonidan O`zbekiston hududidagi chakana savdo bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlaridan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to`langan QQS summasi “TAX FREE” tizimi orqali qaytarib beriladi. Bu haqda O`zA yozmoqda.
Ta`kidlanishicha, Buxoroda ushbu pul mablag`larini qaytarishni rasmiylashtirish jarayonlari Buxoro xalqaro aeroportida Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi “Soliq servis” unitar korxonasining servis shoxobchasi orqali amalga oshiriladi.
Mazkur shoxobcha o`z ishini boshladi.
Shoxobchaning ochilish marosimida Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi “Soliq servis” unitar korxonasi, viloyat davlat soliq va bojxona boshqarmalari hamda Buxoro xalqaro aeroporti mas`ullari qatnashdi.
Ta`kidlanishicha, “TAX FREE” respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo ob`ektlarida qaror bilan tasdiqlangan ro`yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo`llaniladi.
Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida ro`yxatdan o`tishi va xaridlari bo`yicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kerak.
“TAX FREE” summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisobvarag`iga o`tkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi.
Buxoro viloyati DSB matbuot xizmatining xabar berishicha, “TAX FREE” summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangandan so`ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.






