Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahri Nizomiy ko`chasidagi endokrinologiya shifoxonasi yonida 7 qavatli bino qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, ixtisoslashgan tashkilotlar mutaxassislari hodisa joyiga zudlik bilan etib borgan. O`rganish davomida tarqatilgan ma`lumotlar haqiqatga to`g`ri kelmasligi aniqlangan.
FVVning qayd etishicha, 27 dekabr kuni Ibn Sino ko`chasida qurilayotgan 7 qavatli uyning 7-qavati oraliq qismida bo`lgan 3 dona beton plita qulab tushgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo`lganlar yo`q.
Qurilish vazirligining holat yuzasidan bergan ma`lumotiga ko`ra, ob`ekt qurilishida ishlab chiqarish texnologiyasiga, xavfsizlik talablariga rioya qilinmagan.
“Texnik nazoratchining ob`ekt qurilishi davomida o`ziga yuklatilgan nazorat ishlarini vaqtida amalga oshirmaganligi, loyiha nazoratchisi tomonidan belgilangan kalendar reja-jadval asosida nazorat tadbirlarini olib borilmaganligi hamda belgilangan mustahkamlikka ega bo`lmagan to`sin (rigelga) ortiqcha yuklanishni berilishi sababli rama konstruksiyaning to`sin (rigel) qismida buzilish yuzaga kelgan”, deya izoh berdi vazirlik.






