O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov xalqaro diniy erkinlik masalalari bo`yicha maxsus topshiriq bo`yicha AQSh elchisi Rashad Husayn bilan uchrashdi.
Amerika tomoniga O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, fuqarolarning diniy huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi ishlar haqida ma`lumot berildi. Diniy e`tiqod erkinligini ta`minlash, dindorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish Yangi O`zbekistonni rivojlantirish strategiyasining muhim yo`nalishi ekani ta`kidlandi.
Rashad Husayn O`zbekistonda fuqarolarning diniy sohadagi huquq va manfaatlarini ta`minlash, bu boradagi milliy qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish, mamlakatimizda konfessiyalararo totuvlik muhitini mustahkamlash, Fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan diniy tashkilotlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarning natijalarini mamnuniyat bilan ta`kidladi.
Shuningdek, Amerika tomoni diniy marosimlarni bajarish va dindorlar tomonidan o`z e`tiqodlarini ifodalash uchun yanada kengroq shart-sharoitlar yaratilishi muhimligini ta`kidladi. Rashad Husayn bu boradagi islohotlar davom etishiga, qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish borasidagi sa`y-harakatlarga umid bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar diniy erkinliklarni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.






