Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 3 dekabr kuni Kobalt yo`ldan o`tayotgan ona va bolani urib yubordi. Bu haqda YHXX xabar berdi.
Ta`kidlanishicha, 1973 yilda tug`ilgan V.I. Kobalt avtomobilini Zulfiyaxonim ko`chasida boshqarib ketayotib, piyodalar — 1991 yilda tug`ilgan Z.P. va uning farzandi — 2016 yilda tug`ilgan K.M.ni urib yuborgan.
Oqibatda piyoda Z.P. tan jarohatlari bilan kasalxonaning jonlantirish bo`limiga yotqizilgan. Farzandi K.M.ning ahvoli qoniqarli bo`lgani uchun tibbiy ko`rikdan so`ng uyiga yuborilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zgatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






