AsosiyJamiyat

Xalq ta`lim vaziri maktablarda qish mavsumini o`tkazish bo`yicha kelib chiqayotgan muammolarni o`rgandi

'Xalq ta`lim vaziri maktablarda qish mavsumini o`tkazish bo`yicha kelib chiqayotgan muammolarni o`rgandi'ning rasmi

7 dekabr kuni Xalq ta`limi vazirligida umumta`lim muassasalarining qish mavsumini betalofat o`tkazish, maktablarda yuzaga kelayotgan muammoli holatlar va ularning echimiga bag`ishlangan tezkor yig`ilish bo`lib o`tdi.

Vazir Baxtiyor Saidov maktablarning qish mavsumiga tayyorgarlik holati va bu boradagi joylardagi mavjud muammolarga to`xtalib o`tdi.

Jumladan, sinfxona va boshqa o`quv xonalaridagi mo``tadil harorat, issiqlik etkazish uskunalari va qozonxonalarning uzluksiz ishlashini ta`minlash bo`yicha hududlarda olib borilayotgan jarayonlar atroflicha tahlil qilindi.

— Barchamiz yaxshi anglab turibmiz, ob-havoning keskin sovib ketishi va buning natijasida issiqlik ta`minotiga bo`lgan ehtiyojning ortishi natijasida mamlakatimizning barcha hududlarida elektr energiyasida uzilish yoki gaz bosimining pasayish holatlari kuzatilmoqda”, — dedi vazir o`z so`zi davomida. — Bunday murakkab vaziyatda joylardagi barcha mutasaddilar mavjud holatni qat`iy nazoratga olgan holda, mahalliy hokimliklar bilan birga zarur choralarni ko`rishi kerak.

Ta`kidlanishicha, bugungi kunda mazkur yo`nalishdagi muammolarni tezkor hal etish va nazorat qilish maqsadida har 3 ta maktabga bittadan xodim mas`ul qilib biriktirilgan. Ular har kunlik ahvolidan xabardor bo`lib, muammolarni tezkor bartaraf etish choralarini ko`rmoqda.

— Yurtimizdagi 10 mingdan ortiq maktablarda tahsil olayotgan millionlab o`quvchilar bizning farzandlarimiz, shu yurtning bolalari. Ularning sifatli va qulay sharoitlarda ta`lim olishlarini ta`minlash sohada mehnat qilayotgan barcha mas`ullar oldida turgan birinchi vazifadir. Shunday ekan, biz mana shu haqiqatni to`la anglagan holda mehnat qilishimiz, bor kuchimiz va e`tiborimizni shu maqsad yo`lida sarflashimiz zarur”, — dedi vazir o`z so`zini yakunlar ekan.

Yig`ilish so`nggida qish mavsumini o`tkazish bilan bog`liq muammolar haqidagi xabarlarni qabul qilish maqsadida Ishchi shtablarda tashkil etilgan Ishonch telefonlarining uzluksiz ishlashini doimiy nazorat qilish muhimligi aytib o`tildi. 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilish uchun maxsus muloqot kanallarini yo`lga qo`yish, qo`shimcha imkoniyatlarni ishga solishga doir mas`ullarga muhim tavsiyalar berildi.

Shuningdek, maktablarda issiqlik bilan muammo yuzaga kelgan hamda covid bilan kasallanish holatlari ko`paygan taqdirda mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda maktablarni vaqtinchalik bir haftalik ta`tillarga chiqarish choralarini ko`rish bo`yicha tavsiyalar berildi.

    Boshqa yangiliklar