Prezident Administrasiyasida 2022 yil yakuni bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda kutilayotgan natijalar va energetikadagi vaziyat bo`yicha yig`ilish o`tkazilmoqda. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Prezident Administrasiyasi rahbari Sardor Umurzaqov raisligida bo`lib o`tayotgan yig`ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlaridagi qoloqliklar hamda yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralar tezkor qabul qilinmagani va umuman sustligi tanqid qilindi.
«Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib ta`minlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida kunu tun ishlaydigan shtablar tashkil etish topshirildi», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu masalalar bo`yicha kunlik nazorat o`rnatish uchun Prezident maslahatchilari va Bosh vazir o`rinbosarlari har bir viloyat hokimiga biriktiriladigan bo`ldi.
Shuningdek, davlat tashkilotlari mashinalariga vaqtincha gaz quyish taqiqlandi. Bundan tashqari, Ai-80 benzini uchun aksiz solig`i bekor qilindi. Shu bilan birga, yig`ilishda yuzaga kelgan vaziyatni normallashtirish bo`yicha aniq chora-tadbirlar ko`rib chiqildi. Jumladan:
- tovar gaz etkazib berish hajmini sutkasiga 5 million kub metrga oshirish;
2023 yil 1 martga qadar davlat idoralari tasarrufidagi siqilgan gazda harakatlanadigan avtomobillardan foydalanishni taqiqlash, ularni benzinga o`tkazish; - xorijiy davlatlar bilan qo`shimcha tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko`mir, mazut xarid qilish bo`yicha muzokaralarni jadallashtirish;
- 2 oy muddatga Ai-80 benzini importi uchun aksiz solig`i va uni chakana sotish uchun aksiz solig`ini hisoblash va undirishni to`xtatib turish;
- birja sotuvlariga qo`yilayotgan Ai-80 benzining kunlik hajmini oshirish;
- Ai-80 benzini narxining asossiz oshirilishiga yo`l qo`ymaslik, narx oshishi boshlang`ich narxning 5 foizidan ortiq bo`lmasligini ta`minlash.






