Shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida mavsumiy epidemiyalar avj olmoqda. Xususan, Evropa sog`liqni saqlash tuzilmalari mintaqada keng tarqalayotgan gripp xastaligidan xavotirda. Eng yomoni, bu holat koronavirus pandemiyasining shiddatli to`lqini bilan birga kechyapti.
Shundan kelib chiqib, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hamda Evropa sog`liqni saqlash idoralari vakillari qo`shma bayonot e`lon qildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.
“Mintaqamizda gripp virusining “A” va “B” turlari sirkulyasiyasi allaqachon kuchaygan. Epidemiya asosan keksalar, surunkali xastaliklarga chalingan kishilarda og`ir asoratlarni keltirib chiqarmoqda. Qolaversa, infeksiya maktab yoshidagi bolalar salomatligiga ham xavf solyapti”, — deyiladi hujjatda.
Qayd etilishicha, Evropada joriy yilning oktyabr oyidan buyon shifoxonaga yotqizilganlar soni muttasil o`sib bormoqda. Gripp tashxisi bilan gospitalizasiya qilinganlarning qariyb yarmi 55 yoshdan oshgan bemorlardir.
Bundan tashqari, “ko`hna qit`a”dagi 23 davlat kasalxonalarida muolaja olayotganlarning 85 foizida grippning “B” turi aniqlangan.
Tahlillarga ko`ra, bu turdagi virusdan to`rt va undan kichik yoshdagi bolalar ko`proq zarar ko`rishi tibbiy amaliyotda qayd etilgan. Qolaversa, Evropaning 20 ta davlatida respirator sinsitial viruslarning faollashgani kuzatilmoqda.
“Ehtiyotkorlikni yo`qotmaslik kerak. Mintaqa bo`ylab emlash dasturlarini yanada kuchaytirishimiz zarur” — deyiladi qo`shma bayonotda.
07.12.2022 16:57
Gripp epidemiyasidan ko`proq keksalar va bolalar aziyat chekmoqda — JSST






