Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi hamda shahar bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida Andijon, Sirdaryo va Namanganda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda DXX "Darakchi.uz" xabar berdi.
Uchtepa tumanida yashovchi, 1978 yilda tug`ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaroning xonadoni tegishli tartibda tekshirildi. Natijada 1 kg. 999 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur fuqaro uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan keltirilgan ushbu ajal og`usini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan.
DXX Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Buloqboshi tumanida yashovchi, 1965 yilda tug`ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaroning xonadonida 2 kg. 135 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ushbu narkotik moddani Qirg`iziston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelgan Buloqboshi tumanida yashovchi, 1982 yilda tug`ilgan shaxs ham ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Andijon tumani hududida harakatlanib ketayotgan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1992 yilda tug`ilgan shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to`xtatildi. Avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda uning salonida 497 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi borligi ma`lum bo`ldi.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u mazkur narkotik dori vositalarini Buloqboshi tumanida yashovchi, 1989 yilda tug`ilgan shaxsdan olganligi ma`lum bo`lib, u ham qo`lga olindi. Shuningdek, ushbu shaxsning xonadonidan ham 4640 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasitegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, DXX Sirdaryo va Namangan viloyatlari bo`yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Yangiqo`rg`on tumanida tezkor tadbir o`tkazildi.
Unda Qirg`iziston Respublikasining Jalolobod viloyatida yashovchi, 2000 yilda tug`ilgan fuqaro hamda Namangan viloyatining Yangiqo`rg`on tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug`ilgan shaxs Qirg`iziston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan 5264 dona “Lirika” va 300 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






