Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi benzin narxini oshirayotgan AYoQShlarni ogohlantirdi. Bu haqda qo`mita axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, O`zbekistonning ayrim hududlaridagi AYoQShlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari o`rtacha 6 800 so`mdan 7 100 so`mgacha oshganligi kuzatilmoqda.
"Joriy yilning 5 dekabr kuni birja savdolari natijasiga ko`ra, Ai-80 benzin mahsulotining narxi 1 tonna uchun o`rtacha 8 million so`mni tashkil etib, mazkur ko`rsatkich o`tgan noyabr oyiga nisbatan 4 foizga oshgan. Bunda tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan xarid qilingan benzin o`rtacha 5-10 kundan keyin yuklab jo`natiladi va sotuvga chiqariladi. Ya`ni, birja savdolarida kuzatilgan narx o`sishi 10 kundan keyin AYoQShlardagi chakana narxlarga o`z ta`sirini ko`rsatishi mumkin", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, avtomobil benzini narxlarini sun`iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo`l qo`ymaslik maqsadida, birja savdolariga qo`yiladigan Ai-80 markali benzinning kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 5 dekabr kunidan boshlab birja savdolariga qo`shimcha 1 ming tonna Ai-80 benzini qo`yilishi ta`minlandi.
"O`zbekistondagi barcha AYoQShlardan fuqarolarni gaz va issiqlik bilan ta`minlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilishi evaziga benzinga bo`lgan talab oshganligi sababli asossiz qo`shimcha daromad olish holatlariga yo`l qo`ymasliklari so`raladi", deyiladi qo`mita xabarida.
Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi benzin narxlari doimiy monitoring qilib borilishini va narxlarni sun`iy ravishda oshirish holati aniqlangan taqdirda ushbu sub`ektlarga chora ko`rilishini ma`lum qildi.






