Sal avval Samarqanddagi maktabda o`quvchining ko`zini ikkinchi o`quvchi jarohatlagani ortidan direktor o`rinbosari kaltaklangani xabar qilingan edi. Ayni paytda Samarqand viloyati xalq ta`limi boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan qo`shimcha ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu holat Toyloq tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan o`rganildi. Tumandagi 6-umumta`lim maktabida joriy yilning 17 noyabr kuni dars jadvaliga asosan,1-soat 9-”A” sinfida ona tili darsi bo`lgan. Ona tili fani o`qituvchisi D.G`. 1-soat darsda bo`lsa-da, geografiya o`qituvchisi M.X. oilasida maraka borligi uchun iltimos qilib, o`zaro kelishuvga ko`ra, 2 ta sinfda ( 9-"A" va 9-"B" sinfida) parallel ravishda dars o`tgan. Soat 8:25 da 9-"B" sinfida geografiya darsini o`tayotgan o`qituvchi M.X. voqea sodir bo`lgan payt 9-"A" sinfiga topshiriq berayotgan bo`lgan. Nazoratsiz qolgan 9-"B" sinf o`quvchilari M.D. sinfdoshi Sh.Sh.ga ruchkasini uzatayotgan paytda (otib yuborgan) tasodifan sinfdoshi X.N.ning ko`ziga tegib ketib jarohatlaydi. Shu paytda maktab hamshirasi E.G. va maktabning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari X.N.lar jabrlanuvchi o`quvchini tez yordam kelishini kutmasdan yo`l mashinasida Toyloq tuman tibbiyot bo`limiga olib boradi va X.N.ning ota-onasiga xabar beradi.
Toyloq tuman tibbiyot bo`limi tez yordam bo`linmasida bemorga zudlik bilan birinchi yordam ko`rsatilib, viloyat shifoxonasiga yuborilgan va jarrohlik amaliyoti o`tkazilgan.
Jabrlanuvchi X.N. ning onasi V.Sh. joriy yilning 24 noyabr kuni ertalab soat taxminan 9:10 lar atrofida maktabga kelib ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari N.X.ning sochidan tortib, do`ppaslab urgan. Ta`kidlanishicha, jabr ko`rgan qizning onasi sodir bo`lgan hodisa haqida direktor o`rinbosari unga o`z vaqtida xabar qilmaganligini iddao qilgan.
Ushbu holat yuzasidan olib borilgan o`rganishlar natijasiga ko`ra, maktabda dars paytida o`quvchilarning nazoratsiz qoldirilganligi va o`qituvchilarning o`zaro dars almashishiga imkon yaratilganligi uchun 6–umumta`lim maktabning o`quv ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari B.Sh. hamda maktab amaliyotchi psixologi M.A bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shuningdek, mazkur maktab direktori R.D. o`z arizasiga ko`ra, lavozimidan ozod etilgan.






