“Hududgazta`minot” havo haroratining keskin pasayishi va qor yog`ishi munosabati bilan tabiiy gaz iste`moli sezilarli darajada oshayotganligini ta`kidlamoqda.
Kompaniya hisobotiga ko`ra, joriy yilning 4 dekabrida mamlakat aholisiga (3,9 milliondan ortiq iste`molchiga) 68 mln kub metr tabiiy gaz etkazib berilgan. (2021 yil 4 dekabrda - 55,8 mln kub metr, ya`ni joriy yil 21% ga ko`proq etkazib berilgan). Shunga qaramay 516 ta mahallada yoki 79 ming iste`molchida gaz bosimining pasayishi kuzatilib, 14 ming iste`molchida esa gaz ta`minoti vaqtincha to`xtatilgan.
Aholi va ijtimoiy soha obektlarni “zangori” yoqilg`i bilan ta`minlash maqsadida “Hududgazta`minot” AJ tomonidan jalb etilgan 10 mingdan ortiq soha xodimlari mahallalar kesimida muammolarni hal qilishmoqda. Ular tomonidan ayni paytda “Binokor” va “Bektemir” gaz taqsimlash stansiyalarida chiqish bosimini oshirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar hal etilsa Toshkentning Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yakkasaroy, Mirobod va Sergeli tumanlarida tabiiy gaz bosimi yaxshilanadi.
“O`ztransgaz” AJ mutaxassislari bilan birgalikda Yangiyo`l tumani “Yangiyo`l” mahallasi Zafarobod ko`chasi bo`ylab joylashgan 30 ta xonadonda bu muammo hal etilgan, “Chamanzor” mahallasida esa bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Poytaxtdagi AGQKShning ish jadvaliga o`zgartirishlar kiritilgan. Jamoat va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega transportlarga yoqilg`i quyish ishlari tunda ham amalga oshirilmoqda. Cheklovlar aholi va ijtimoiy soha obektlaridan tashqari boshqa iste`molchilarga qo`yiladi.
"Fursatdan foydalanib, barcha iste`molchilarni “zangori” yoqilg`i bilan ta`minlash maqsadida “Hududgazta`minot” AJ hurmatli fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishlarini va birinchi navbatda zarur bo`lgan gaz jihozlarini ishlatishni, uydan chiqib ketayotganda esa isitish moslamalarining haroratini iloji boricha pasaytirishni iltimos qiladi.
“Hududgazta`minot” AJ matbuot xizmati aholi va ijtimoiy obektlarni o`z vaqtida tabiiy gaz bilan ta`minlash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida iste`molchilarni xabardor qilishni davom ettiradi.
Barcha murojaatlar, shikoyatlar va takliflar 1104 call-markazi va 104 dispetcherlik xizmati raqamlari, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog`ida gaz ta`minoti bilan bog`liq muammolarni hal qilish uchun ochiq guruhi orqali qabul qilinadi", deyiladi ma`lumotda.






