3 ta hududda qurilish va ta`mirlashdagi talon-torojliklar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Jumladan, Departamentning Termiz shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “F.S.” MChJ rahbari X.A. shahar Xalq ta`limi bo`lim mudiri O.S. bilan oldindan til biriktirib, hududdagi umumiy o`rta ta`lim maktabida ta`mirlash ishlarini to`liq bajarmasdan turib, amalda bajarilmagan ishlarni qo`shib yozish orqali 247,1 mln so`mni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Andijon shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “X.b.” MChJ rahbari M.J. viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida amalga oshirilgan joriy ta`mirlash ishlari bo`yicha 3 ta shartnoma bo`yicha to`lovga taqdim etilgan hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo`shib yozish yo`li bilan 361,6 mln so`mni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departament hamda DXXning Izboskan tumani bo`limlari tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.B.” ko`p tarmoqli qurilish ta`mirlash korxonasi rahbari Sh.R. “Ya.b.” IK mas`ul shaxslari bilan oldindan til biriktirib, tumandagi umumiy o`rta ta`lim maktabida amalga oshirilgan ta`mirlash ishlari bo`yicha to`lov hujjatlariga amalda bajarilmagan ishlarni qo`shib yozish orqali 309,5 mln so`mni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






