Xorazm viloyati Xiva shahrida yashovchi 4 nafar 2002-2004 yillarda tug`ilgan yoshlar “R.J.”, “S.O.”, “K.M.” va “X.A.”lar terrorchilar safiga qo`shilishga uringanliklari uchun qamoqqa olindi.
Viloyat IIB Axborot xizmatining xabariga ko`ra, yosh yigitlar internetda “Sodiq Samarqandiy”, “Abdullox Buxoriy” va “Abdullox Zufar” taxallusidagi shaxslarning ma`ruzalarini tinglashi oqibatida aqidaparastlik g`oyalari ta`siriga berilgan hamda Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo`shilish fikri tug`ilgan. Shu maqsadda, yigitlar keyinchalik Internet orqali terrorchilik tashkilotlari a`zolari bilan aloqa o`rnatib, ularning yo`l-yo`rig`i va ko`magida jangarilar lageriga chiqib ketishni rejalashtirgan.
Mazkur fuqarolarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyati sudining 2022 yil 22 iyul kunidagi hukmiga binoan ushbu shaxslar turli muddatlarga jinoiy javobgarlikka tortildi.
"Vatandoshlarimizdan muqaddas dinimizni buzib talqin qilayotgan yuqoridagi kabi “mafkurachi”larning go`yoki “chiroyli” ma`ruzalari ta`siriga berilmasliklarini so`raymiz. Ularning ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday targ`ibot resurslaridan foydalanish amaldagi qonunchilikka ko`ra javobgarlikka sabab bo`lishini eslatib o`tamiz", deyiladi IIB xabarida.






