Yurtimizda noyabr oyidan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortmoqda. Xususan, kecha mamlakatimiz bo`yicha 159 kishida kasallik ro`yxatga olindi. Bu haqda SSV matbuot kotibi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, o`sish dinamikasi, avvalo, kunlar sovib, odamlar asosiy vaqtini yopiq bino va inshootlarda o`tkazayotgani bilan bog`liq. Qolaversa, COVID-19ning yuqumlilik darajasi yuqori bo`lgan yangi mutasiyalari bemorlar soni ko`payishiga sabab bo`lyapti.
Xo`sh, O`zbekistonda hozirgi kunda “omikron”ning qaysi subvarianti dominant versiyaga aylangan?
Buni aniqlash maqsadida joriy yil 10-12 noyabr kunlari Respublika maxsus 1-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga gospitalizasiya qilingan 27 nafar bemordan tibbiy namunalar olindi.
Shundan so`ng ushbu tahlillar Innovasion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg`or texnologiyalar markazida sekvenlash jarayonidan o`tkazildi. Natijada 27 nafar bemor “omikron” shtammining BA.5 subvarianti bilan zararlangani ma`lum bo`ldi.
BA.5 subvariantining avvalgi mutasiyalardan farqi nimada?
Mazkur versiyaning yashirin davri boshqa shtammlar singari 5-6 kun emas, 2-3 kunni tashkil etyapti.
Uning asosiy belgilari:
- tomoq og`rig`i,
- tana haroratining gektik (41 darajagacha) ko`tarilishi,
- bosh va mushaklarda kuchli og`riq,
- holsizlik,
- uyquchanlik,
- kon`yuktivit (10 foiz holatda),
- rint va tonzilit (40 foiz holatda),
- otit (10 foiz holatda),
- diareya (10 foiz holatda) yuzaga kelishi kuzatilmoqda.
Shuningdek:
- kuchli va xurujli yo`tal,
- ba`zi hollarda ko`krak qafasida og`riq,
- nafas qisishi va havo etishmaslik belgilari yuzaga kelmoqda.
— O`pka to`qimasining zararlanishi 30-40 foiz holatlarda kuzatilmoqda, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. — Bunday bemorlarning aksariyati uy sharoitida yoki ba`zi xususiy klinikalarda antibiotik, gormon preparatlari hamda tomchi dorilarni tomir ichiga maqsadsiz va palapartish qabul qilgan yurtdoshlarimizdir.






