Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Romitan tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, kompyuter va boshqa texnik qurilmalarga xizmat ko`rsatishga ixtisoslashgan MChJ rahbari mazkur tumanning cho`l hududida joylashgan boshqa bir MChJ binosini hamda mahalliy fermer xo`jaligiga qarashli dala shiyponini ijaraga olgan va ushbu binolarga mayning qurilmalari o`rnatib, qonunga xilof ravishda yuqori kuchlanishli elektr tarmog`iga ulangan.
Tekshiruv davomida jami 9 turdagi 456 dona mayning qurilmalari va boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
"O`zenergoinspeksiya”ning Buxoro viloyat hududiy bo`limi va Romitan tuman elektr tarmoqlari korxonasi xulosasiga ko`ra, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida mayning ferma tomonidan davlatga 2 mlrd. 530 mln. so`m miqdorida zarar etkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






