AsosiyJamiyat

Toshkent er usti metrosining 19 ta bekati nomi o`zgaradi

'Toshkent er usti metrosining 19 ta bekati nomi o`zgaradi'ning rasmi

Transport vazirligi matbuot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, Toshkent er usti metrosining Qo`yliq va Sergeli yo`nalishlaridagi 19 ta bekatga qanday nom berish bo`yicha jamoatchilik muhokamasi o`tkaziladi.

Qayd etilishicha, jamoatchilik fikrini yig`ish va ovozga qo`yish uchun tez orada Toshkent shahar hokimligining maxsus veb-sahifasi ishga tushiriladi.  

Keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar ustida ishlash maqsadida ishchi guruh tashkil qilingan bo`lib, unda mazkur masalaga mas`ul bo`lgan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bir qatorda, olimlar, tarixchilar, filologlar, o`lkashunos, blogerlar, toponimika sohasida katta tajribaga ega bo`lgan mutaxassislar taklif etilgan.  

Ma`lumot o`rnida ta`kidlash mumkin, Sergeli metro liniyasini qurish ishlari 2016 yilning dekabrida boshlangan bo`lib, u 2020 yilning kuzida foydalanishga topshirilishi lozim bo`lgan. Loyihaga ko`ra, metropolitenning yangi yo`nalishi "Choshtepa", "Toshkent halqa yo`li", "Sergeli", "Afrosiyob", "Qipchoq" va "Chinor" nomlariga ega bo`lishi kerak bo`lgan.  

Toshkent metropoliteni xodimi Rustam Po`latov 2021 yil sentyabr oyida yangi metro liniyalarining raqamlanishi vaqtincha ekanligini bildirgan.

Atamashunoslar bunda bekatlar qurilgan joyning tarixi, o`tmishini o`rganib, shunga ko`ra nom tanlaydi. Hozirda "Do`stlik—Qo`yliq" yo`nalishidagi er usti metro bekatlari 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7 tartibida nomlangan.

    Boshqa yangiliklar