Bosh vazir o`rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Germaniya turistik assosiyasiyasi (DTV – Deutscher Tourismusverband) prezidenti Norbert Fiebig boshchiligidagi delegasiya a`zolarini qabul qildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lumot uchun, Germaniya turistik assosiasiyasi (DTV) 1950 yil 10 avgustda Frankfurt-na-Maynda Germaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi sifatida tashkil etilgan. DTV – Germaniyaning turizm sohasidagi etakchi tashkiloti bo`lib, turizm sohasida mamlakatning 90 foizini qamrab oluvchi 10 mingdan ziyod a`zolarni o`z ichiga oladi, jumladan, turistik kompaniyalar, mehmonxonalar, aviakompaniya va transport kompaniyalari uning a`zosi yoki hamkori hisoblanadi.
Vazirlikdagi uchrashuvda O`zbekistonning turistik salohiyatini Evropada keng targ`ib qilish va evropalik sayyohlar oqimini ko`paytirish maqsadida “Destination Forum” (“DTV”ga a`zo eng yirik va salohiyatli turistik tashkilotlarning turistik forumi) loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, O`zbekistonning turizm salohiyatini katta tajribaga ega bo`lgan “DTV” assosiasiyasining marketing resurslaridan foydalangan holda keng targ`ib qilish, O`zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri ekanligini dunyoga ko`rsatish, Germaniyadan Samarqand shahriga to`g`ridan-to`g`ri charter reyslarni yo`lga qo`yish, birgalikda “Uzbekistan” turistik brendini Evropaga olib chiqish, yurtimizga DTV tarkibiga kiruvchi eng yirik va eng salohiyatli turistik tashkilotlar hamda turistik operatorlar tashrifini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv yakunida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda DTV o`rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan barcha masalalarni amalga oshirish maqsadida o`zaro media reja loyihasi ishlab chiqish, shuningdek, 2023 yilning aprel oyida “Destination Forum” loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.






