AsosiyJamiyat

Mahkumlarning muassasada ishlagan ish stajini umumiy ish stajiga qo`shish orqali ularga pensiya tayinlanishi kutilmoqda

'Mahkumlarning muassasada ishlagan ish stajini umumiy ish stajiga qo`shish orqali ularga pensiya tayinlanishi kutilmoqda'ning rasmi

Senatning o`ttiz beshinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ta`kidlanganidek, jinoyat-ijroiya amaliyoti tahlili va jamoatchilik bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqot natijalari mahkumlarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish, ularni saqlash shart-sharoitlarini yanada yaxshilash hamda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga haq to`lanadigan ishlash davrini ularning umumiy mehnat stajiga qo`shib hisoblash zarurligini ko`rsatmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to`g`risida to`g`risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturi ijrosini ta`minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan mazkur Qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonunga va Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning umumiy mehnat stajiga ishlangan hamda ijtimoiy soliq to`langan davrni qo`shib hisoblashni nazarda tutuvchi o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Qonun bilan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ish stajiga ishlangan va ijtimoiy soliq to`langan davrni qo`shib hisoblanishi, shuningdek, mahkumlarga nisbatan g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qo`llanilishiga yo`l qo`yilmasligi, qolaversa mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdotarjimonning xizmatidan foydalanishi huquqi hamda mahbuslarga nisbatan tinchlantirish ko`ylagini qo`llash mumkin emasligi qat`iy belgilanmoqda.

Shu bilan birga ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar uchun mo`ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo`lishi kerakligi nazarda tutilyapti. Yana bir muhim jihat – mahkumlarning tuzalish yo`liga o`tganligini belgilash mezonlari, mahkumlarni rag`batlantirish masalalari, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo`sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko`rsatuvlar ko`rish huquqi aniq belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi mahkumlarni muassasada ishlagan ish stajini umumiy ish stajiga qo`shish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyatini yaratishga va, eng asosiysi, mahkumlarning tuzalish yo`liga o`tganligini belgilovchi qat`iy mezonlarni belgilash orqali ularning xulq-atvorini baholashda korrupsion omillar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar