Tahlillarga ko`ra, jahonda yuz berayotgan o`lim holatlarining qariyb 60 foizi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari oqibatida kelib chiqmoqda.
Shu sababli O`zbekistonda ham mazkur yo`nalishda eng ilg`or innovasion texnologiyalar, tashxislash va muolaja usullarini joriy etishga katta e`tibor qaratilyapti.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida ilk bor ochiq yurakda murakkab kardioxirurgik operasiyalar bajarish yo`lga qo`yildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
15 noyabr kuni muassasada tajribali yurak-qon tomir jarrohi Mustafo Obeyd boshchiligidagi bir guruh etakchi mutaxassislar ishtirokida ochiq yurakda aorta-koronar shuntlash, mitral va aortal klapanlarni almashtirish operasiyalari amalga oshirildi.
Ta`kidlash lozimki, filialda kadrlar salohiyatini oshirish, jahondagi ilg`or davolash-diagnostika usullari,kam invaziv muolaja turlarini amaliyotga joriy qilishga alohida e`tibor berilmoqda.
Mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan kardioxirurgiya va angiografiya xizmatini Buxoro viloyatida keng tatbiq etish uchun zamon talablariga mos “Angioxirurgiya” binosi qad ko`tarmoqda.
Qolaversa, filial mutaxassislari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazi, Hindistonning “Jaypee” klinikasi, Turkiyaning Bashkent universiteti gospitalida, Ozarbayjonning “Almaz akademy” o`quv markazida malaka oshirib kelmoqda, deyiladi xabarda.
17.11.2022 09:14
Buxoroda ilk bor ochiq yurakda murakkab kardioxirurgik operasiyalar o`tkazildi






