Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida foydalanishga topshirilganiga bir yil bo`lgan bog`cha devorlari qulab tushgani aytilgan xabar tarqaldi.
Qurilish vazirligi ushbu holatga munosabat bildirdi.
Ta`kidlanishicha, maktabgacha ta`lim muassasasida ikki yil mobaynida qurilish-montaj ishlari olib borilgan bo`lib, 2021 yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilgan.
Hozirgi kunda binoning bolalar dam olish xonalari, hojatxona, hamshira xonasi va idish yuvish xonasi devorlarida yorilish va cho`kishlar paydo bo`lgan. Ushbu xonalarning kafeli, yog`och pollarida ham cho`kishlar hamda chirishlar yuzaga kelgan. Bundan tashqari bino tashqi devorlarining ichki va tashqi tomonlarida yoriqlar mavjud.
Oraliq devorlarining poydevorlari va pollari ostidagi tuproqni qatlamma-qatlam zichlab, qayta ko`mish ishlari sifasiz bajarilgan. Binoning ichki qismidagi ichimlik va oqova suv quvurlarining yorilishi oqibatida quvurlardan sizib chiqqan suv oraliq devorlarning poydevorlari ostiga kirishi natijasida guruntning va poydevorning cho`kishiga olib kelgan. Shu sababli ichki oraliq devorlarda yorilish va cho`kishlar vujudga kelgan. Ushbu xonalardagi bajarilgan ichki oraliq devor poydevorlari ishchi loyihasida poydevor chuqurligi 600 mm berilgan bo`lib, amalda 150-300 mm o`lchamlarda bajarilgan.
Yog`och pol ishlari ishchi loyiha asosida bajarilmagan. Pollar chirishga qarshi kimyoviy antiseptik ishlov berilmagan. Bu esa yog`och pollarning chirishiga sabab bo`lgan.
Ushbu obektning qurilish davri mobaynida Toshkent viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan tegishli ko`rsatmalar berilgan va sifaaiz bajarilgan ishlari uchun jami 61,45mln. so`m mablag`ni umumiy ish hajmidan chiqarib tashlash bo`yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan va buyurtmachiga yuborilgan.
"Yuqoridagilarni inobatga olib, ushbu obektdan kelajakda foydalanish maqsadida obektlarda qo`llanilgan konstruktiv echimlarninig KMK 2.01.03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” talablari va me`yorlariga mos kelishi, ulardagi yuk ko`taruvchi konstruktiv elementlarning va binolarning butunlay texnik holatlarini shu sohada maxsus lisenziyaga ega bo`lgan loyiha tashkilotlar orqali instrumental texnik ko`rikdan o`tkazilishi tavsiya etiladi. Bino instrumental texnik ko`rikdan o`tkazilgunga qadar demontaj va qayta tiklash ishlari vaqtincha bajarilmasligi lozim", – deyiladi vazirlik bayonotida.






