Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyati Boysun tumanida Yo`l harakati xavfsizligi inspektori fuqaro tomonidan kaltaklangani haqidagi xabar tarqaldi. Viloyat YHXB hodisaga aniqlik kiritdi.
Qayd etilishicha, Boysun tumani “Tuzbozor” mahallasi hududida xizmat olib borayotgan yo`l-patrul xizmati inspektori serjant I. P. tomonidan nazorat tariqasida to`xtatilgan “NEXIA” avtomashina haydovchisining shaxsi planshet maxsus moslamasi orqali tekshirilganida fuqaro M.A ga nisbatan qidiruv e`lon qilinganligi aniqlanadi.
YPX inspektori haydovchini qidiruvda ekanligini, o`zi bilan tuman IIBga borishi kerakligini aytadi. Fuqaro qonuniy talabga bo`ysunmay, inspektorga faol qarshilik ko`rsatib, urib tan jarohati etkazadi.
Inspektorning qo`lidan o`ziga tegishli xujjatlarini olib voqea joyidan ketishga urungan vaqtida shu yaqin atrofda xizmatga jalb etilgan IIO xodimlari etib kelib, fuqaro Boysun tumani IIBga olib borilgan.
"Sud tibbiy ekspertizasining 16.10.2022 yildagi dastlabgi ma`lumotnomasiga ko`ra inspektorda engil tan jarohati mavjudligi ko`rsatilib, holat yuzasidan Boysun tumani Prokuraturasi tomonidan fuqaro M.A ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda", — deyiladi xabarda.






