Iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek RASULOVning ta`kidlashicha, amaldagi Konstitusiyaning 53-1-moddasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o`zgartishlar amaliyotga joriy etilsa, kelajakda O`zbekiston aholisining farovonligini ta`minlaydigan tizimning huquqiy asosi paydo bo`ladi, tadbirkorlikka keng imkoniyatlar yaratiladi, xususiy mulkchilikka ustuvorlik berish kabi qator masalalar echimiga zamin yaratiladi.
– Aholi farovonligi, birinchi navbatda, mamlakatdagi xususiy mulkchilik sohasidagi munosabatlarning huquqiy jihatdan kafolatlash mexanizmlariga hamda yangi ish o`rinlarini yaratish tizimini qanday yo`lga qo`yilganiga bog`liq, – deydi iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek RASULOV. – Binobarin, amaliyotda aholining farovonligi ularning hayot kechirishi uchun zarur bo`lgan moddiy va ma`naviy ne`matlar bilan ta`minlanish holatiga qarab baholanadi.
Shuning uchun kishilarning hayot kechirishi, mehnat qilishi yoki jamiyatda ma`lum bir mavqega ega bo`lishi uchun ma`lum darajada zarur ne`matlar kerak. Mazkur ne`matlar bir qancha ehtiyojni o`z ichiga oladi. Bularga misol qilib mehnat sharoiti, ta`lim sohasi, sog`liqni saqlash, oziq-ovqat, uy-joy, ish bilan bandlik, munosib ish haqi kabi ehtiyojlarni aytishimiz mumkin.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga ko`ra, aholi farovonligini ta`minlashning eng muhim omillaridan biri bu – fuqarolar bandligini ta`minlash, yangi ish o`rinlarini yaratish, inson kapitaliga jiddiy e`tibor qaratish, tadbirkorlikni rivojlantirishdir. Shu sababli aholining farovonligini oshirish hamda bozor munosabatlarini yanada erkinlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash borasida kelgusi besh yillikda quyidagilarni amalga oshirish Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan:
- YaIM hajmini 100 milliard dollardan oshirish hamda kambag`allik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish;
- mahallalarning “o`sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish;
- 2026 yilga borib tadbirkorlik sub`ektlariga soliq yuklamasini yalpi ichki mahsulotning 27,5 foizidan 25 foizi darajasiga kamaytirish;
- maktablarda qo`shimcha 1,2 million o`quvchi o`rni yaratish hamda darsliklarni yangilash, shuningdek, davlat va xususiy bog`chalarni ko`paytirish orqali maktabgacha ta`lim qamrovini 80 foizga etkazish;
- xotin-qizlarning o`qishi va ishlashi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish va ular orasidagi ishsizlikni 2 baravarga qisqartirish.
Mutaxassislarning fikricha, aholi farovonligiga ta`sir ko`rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – demografik ko`rsatkich, ya`ni aholi soni hisoblanadi. 2022 yil 1 iyul holatiga bu ko`rsatkich mamlakatimizda 35,6 mln. kishini tashkil etib, 1991 yilga nisbatan 15,0 mln. kishiga, ya`ni 72,8 foizga o`sgan.
Aholi farovonligiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan yana bir muhim ko`rsatkich bu mamlakatdagi kambag`allar soni hisoblanadi. Hozir mamlakatimizda kambag`allar soni aholining 12-15 foizini tashkil etib, bu taxminan 4,2-5,3 mln. atrofida deganidir. Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yilga qadar kambag`allikni 2 baravarga qisqartirish vazifasini qo`yildi.
Iqtisodiyotda aholi farovonligiga ta`sir etuvchi yana bir muhim omil borki, u bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki barcha davlatlar iqtisodiyotida muhim o`rin egallamoqda, bu – iste`mol savatchasi hisoblanadi.
Shuning uchun kelgusida mamlakatimiz aholisi farovonligini ta`minlash, uni davlat tomonidan huquqiy jihatdan kafolatlash maqsadida amaldagi Konstitusiyaning 531-moddasiga “Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O`zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste`molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi”, degan normani kiritish taklif etilmoqda.
Fikrimizcha, mazkur norma amaliyotga joriy etilsa, kelajakda O`zbekiston aholisining farovonligini ta`minlaydigan tizimning huquqiy asosini paydo bo`ladi. Shu bilan birga, aholi farovonligini oshirishning eng muhim jihatlaridan biri bo`lgan tadbirkorlikka keng imkoniyat yaratish, xususiy mulkka ustuvorlik berish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish hamda xufyona iqtisodiyot ko`lamini qisqartirishga zamin yaratiladi.






