AsosiyJamiyat

Bo`stonliqdan chiqishda chiqindi qabul qiladigan ekopunkt tashkil etildi

'Bo`stonliqdan chiqishda chiqindi qabul qiladigan ekopunkt tashkil etildi'ning rasmi

Turizm va madaniy meros vazirligi, "Chorvoq" TRZ direksiyasi va Bo`stonliq tumanining “Toza hudud” DUK hamkorligida Bo`stonliqdan chiqishda sayyohlardan chiqindilarni qabul qilish uchun ekopunkt tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, ushbu ekopunkt Bo`stonliq tumanining Qoronko`l posyolkasida, Qoronko`l masjidi qarshisida joylashgan.

Qolaversa, ekopunktda chiqindilarni qanday topshirish va bu tashabbus uchun qanday sovg`alar olish mumkinligi haqida ma`lumot beruvchi banner ham o`rnatilgan.

Bunda Bo`stonliq tumanida dam olgandan so`ng, yon-atrofdagi chiqindilar yig`ib olinadi, chiqishda yig`ilgan chiqindi topshiriladi va ramziy sovg`a olinadi. 

Nimalar uchun sovg`a olish mumkin?

Chiqindi topshirganlik uchun.

O`zingizning va boshqalarning chiqindisi uchun.

Saralangan chiqindi uchun.

Shu tariqa, topshirilgan chiqindiga qarab ishtirokchilar «Chorvoq» TRZ direksiyasi tomonidan sovg`alardan tashqari professional instruktorlar bilan Ugam daryosida rafting uchun 15 foizlik chegirma hamda «Chorvoq» TRZ direksiyasining hamkorlaridan bo`lgan boshqa sovg`alarga ega bo`ladilar.

“Ekopunktlar chiqindilarning kamayishiga munosib hissa qo`shadi. Bo`stonliq tumaniga bir dam olish kunida 45 mingdan ortiq odam tashrif buyuradi. Har bir kishi hech bo`lmasa bir dona shisha yoki egulik o`ramini topshirsa, bu chiqindiga qarshi kurashdagi g`alabadir. Fursatdan foydalanib, qiziqqan hamkorlarni ushbu aksiyada ishtirok etishga taklif qilamiz”, – deydi "Chorvoq" TRZ direksiyasining strategik hamkorlik va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash bo`limi boshlig`i Alina Abdurazzoqova.

 

    Boshqa yangiliklar